Zahiriddin Muhammad Bobur: Tarixdagi birinchi “Soft Power” amaliyotchisi sifatida.
Abstract
Ushbu maqola Zahiriddin Muhammad Boburning tarixiy siymosini “soft power” — yumshoq kuch nazariyasi asosida qayta talqin qilishga urinadi. Mazkur kontseptsiya XX asr oxirlarida amerikalik olim Joseph Nye tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, davlat yoki shaxsning zo‘ravonlik va iqtisodiy bosimsiz, balki madaniyat, qadriyat va diplomatik joziba orqali boshqa subyektlarga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatini ifodalaydi. Bobur aynan shu zamonaviy tushuncha mezonlariga mos ravishda, Hindistonga qilgan yurishlari davomida qurol bilan emas, balki madaniy-ma’naviy, adabiy va siyosiy ta’sir orqali o‘z hokimiyatini mustahkamlagan tarixiy arbob sifatida tahlil qilinadi.
Maqolada Boburning “Boburnoma” asari, uning she’riyati, diniy bag‘rikengligi va ijtimoiy qadriyatlarni tarannum etgan siyosiy qarashlari asosida yumshoq kuch omillari aniqlanadi. Shuningdek, Boburiylar saltanati misolida soft power’ning nasliy ta’siri, madaniy diplomatiya, xalqlararo murosaga asoslangan boshqaruv modeli o‘rganiladi. Ushbu yondashuv Boburni faqat zabt etuvchi sarkarda sifatida emas, balki o‘z madaniyatini strategik uslubda eksport qilgan geosiyosiy lider sifatida talqin qilish imkonini beradi. Maqola tarixshunoslik, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik kesishmasida olib borilgan bo‘lib, tarixiy shaxsiyatni zamonaviy nazariya orqali tahlil qilishga qaratilgan. Bu esa o‘z navbatida, tarixni yangi nigoh bilan o‘rganish va bugungi global munosabatlarda yumshoq kuchning ildizlarini tushunishga zamin yaratadi.